суббота, 8 февраля 2014 г.

Qorga rahmat!

Qish ziynatining sharofati bilan mana ikkinchi haftadirki qonuniy dam olish kuni bo`lgan SHANBAda men ham dam olmoqdaman. Qor yog`maganida esa ish va dam olish kunlarimiz bir-biridan farq qilmaydi. Hali yosh bo`lganimiz uchunmi bilmadim, har holda mehnat qilishdagi haq-huquqlarimizni talab qilishimiz mumkin emas ekan. Na iloj, o`sha vaqt kelgunicha faqat duo qilamiz: "Ko`proq qor yog`sin shanbada!" - deb.

среда, 22 января 2014 г.

Matmussaning qalpog`i

Qalpoq oldi Matmusa,
Qalpoq desa - qalpoqday.
Uni kiyib Matmusa,
Yigit bo'ldi chaqmoqday.
O'nta qo'yga arziydi,
Yaraqlashi bir jahon.
Bir qarasang - suvsardek,
Bir qarasang - olmaxon.
Qalpoq emas - ertak u,
Qalpoq emas - tilla toj!
Qo'ying-chi, restoranda
Yuvmasa hech yo'q iloj.
Kirdilar, o'tirdilar,
Buyurdilar aroqni .
Dono Matmusa uchun,
Ichdilar bosh qadahni.
Qalpoqqa teri bergan,
Suvsar uchun ichdilar.
Shunday qalpoqni sotgan,
Ovsar uchun ichdilar.
Eslanmagan qishloqning
Itigacha qolmadi .
Maqtalmagan qalpoqning,
Ipigacha qolmadi .
Xo'p ichdilar o'ylamay,
Hisob-kitob qilmoqni.
Oxirida pul yetmay,
Topshirdilar qalpoqni. 

Shoir Gulmat ijodidan

Faranglardin olib ta’lim Shoshga qaytmish bir olimcha,
Burun ustinda aylong’on buraq sochi soqolimcha.
Boshimni irg’asam g’ayri lisonda ul dedi “banjo’r”,
Tavakkaldin dedim “mixlo’sh” manam o’zimni holimcha.
So’g’in ayni bo’lib Luqmon oni qattiq sinov qildim,
Javobi bo’lmadi oqil mani dono savolimcha.
Desam ya’ni:”Farang bozorida chanpul kovush-mahsi?”
Dedi:”Bo’lsa tasodifon, tekin turg’aydi monimcha.
Yo’talmoq ham bozorda pulligin qaydin tushung’ay ul,
Boshig’a shuncha jun to’plab aql yig’mabdi molimcha.
Fahmsiz boyni o’g’lidun nechuk olimchiqur, Gulmat,
Otosi sallador zolim, buyam shapkoda zolimcha!

суббота, 11 января 2014 г.

Ishimiz tushmasin!


Bugun aksariyat tashkilotlarga biror yumush bilan murojaat etishimizga to`g`ri kelsa, u yerda bizni kutadigan muammolarni o`ylab, xayolimizdan “Qani endi shu tashkilotda mening qarindoshim yoki tanishlarimdan biri ishlasa…” degan o`y o`tishi tayin. Ayniqsa, navbat kutishga to`g`ri keladigan joylarda xuddi shunday bo`ladi. Buning sababi nimada? Bunday yoqimsiz holatlar qachongacha davom etadi?
Menimcha buning sababi huquqiy savodxonligimizning past darajada ekanligida. Qayergadir murojaat qilib borishdan oldin “Fuqarolar murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni bilan yaxshi tanishmagan bo`lamiz va natijada ayrim hollarda vaqtimizni yo`qotamiz, ba`zida esa asab tolalarimizni qurbon qilamiz.
Men sizlarga ushbu muammolarning eng oson va asosiysi sinalgan yechimini taklif etaman. Bu www.my.gov.uz – interaktiv davlat xizmatlari portalidir. Ushbu portal orqali siz istalgan davlat tashkilotiga murojaat yo`llashingiz mumkin bo`ladi va juda qisqa muddatda javob ham olasiz, eng asosiysi navbat kutmaysiz. Ishonmasangiz sinab ko`ring. 

пятница, 10 января 2014 г.

"Ustoz"lar


Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonimizga ko`z tegmasin! U qanchalar tezlik bilan ildamlamasin, xalqimizning ayrim azaliy asl an’analari, qadriyatlari, urf-odatlari o`z ta’sirini yo`qotmay avloddan-avlodga o`tib kelmoqda. Ulardan biri “Ustoz-shogird” an’anasidir.
Yoshmiz, o`z ishimizda muvaffaqiyatga erishishimiz uchun tajribali, o`z ishining ustasi bo`lgan katta avlod vakillarining yordamiga, maslahatiga muhtojlik sezamiz. Ana shu ustozlarimiz o`z tajribalarini biz bilan o`rtoqlashib, qandaydir yutuqlarga erishishimizga sababchi ham bo`lyaptilar. Biroq, qachongacha yosh kadrning o`zlaridan ilgarilab ketishiga qarshi kurashadi bular?! Qachongacha yo`llarimizga g`ov bo`lib yurishadi?! Ularning bizni rahbarga “maqtash”dan boshqa qiladigan ishlari yo`qmi? To`g`ri, biz bu holatlarda toblanib, o`z ustimizda yanada ko`proq ishlab, bilim va tajribamizni orttirib boramiz. Meni qiynaydigan eng asosiy savol boshqa: mana shunday ustozlar qo`lida kamol topib, ertaga biz ham farzandlarimizdan-da yosh bo`lgan kadrlarga qarshi ayovsiz kurashamizmi?

четверг, 9 января 2014 г.

Xayrli ish boshlasak...

Assalomu aleykum qadrli o`quvchi! Bugun yaxshi niyat qilib ilk bor blog ochishga qaror qildim. Ushbu blog iloji boricha hamma uchun foydadan holi bo`lmasligiga harakat qilaman! Uzbloggerlar tanlovida men ham o`z omadimni sinab ko`rmoqchiman. Barchangizga omad yor bo`lsin!